Maktablarda funksional fitnesni rivojlantirish muhokama qilindi

O‘zbekiston Sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assotsiatsiyasi vakillari maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda 2026-yil 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakat umumta’lim maktablarida funksional fitnes to‘garaklarini tashkil etish, ularning samarali ishlashini ta’minlash va zarur sport anjomlari bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida Toshkentning ayrim maktablarida funksional fitnes to‘garaklarini eksperimental tartibda ishga tushirish, o‘quvchilar uchun uslubiy qo‘llanma va yo‘riqnomalar ishlab chiqish, shuningdek krossfit to‘garaklari ishtirokchilari o‘rtasida sport musobaqalarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ushbu tashabbuslar maktab o‘quvchilarining jismoniy faollik imkoniyatlarini kengaytirishga va yoshlikdan sog‘lom turmush tarzi madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.