Rossiyaning jismoniy tayyorgarlikni baholash tajribasi o‘rganildi

2026-yil 24-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Sport vazirligi taklifiga binoan O‘zbekiston Sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi vakillari Moskvadagi «Lujniki» sport majmuasida joylashgan GTO sinov markaziga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida ishtirokchilar testlarni tashkil etish tartibi, jismoniy ko‘rsatkichlarni baholash usullari hamda natijalardan aholi o‘rtasida muntazam jismoniy faollik madaniyatini shakllantirishda foydalanish bilan tanishdi.

Shuningdek, ommaviy sportni rivojlantirish, jismoniy faollikni oshirish va aholining jismoniy tayyorgarligini baholashning zamonaviy vositalarini joriy etish sohasida keyingi hamkorlik va tajriba almashinuvi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

O‘zbekiston uchun fuqarolarni ko‘proq harakatlanishga va o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishga undaydigan, qulay va tushunarli baholash tizimini yaratish borasidagi rossiyalik tajriba alohida qiziqish uyg‘otadi.